Boz ustiga bir nechta yigitlarning sirli o'limidan so'ng institut ma'muriyati yotoqxonani boshqa joyga ko'chirishga qaror qilgan. Odamlar bu yerda har xil marosimlar, barcha irim-sirimlarni o'tkazishgan. O'sha qizning ota-onasi yaqinlarini chaqirib, qurbonlik qilishgan, ammo, baribir, qizning qasoskor ruhi tinchimagan. Shu sabab mahalliy aholi u joyni bexosiyat sanaydi. Xarobazorga aylangan o'sha bino tevaragiga hech kim yaqin yo'lamaydi. U yerga yaqinlashganni sirli kuchlar ichkariga chorlaydi. Ichkariga kirgan esa sog' chiqmaydi. Do'stlarimning ortga qaytib, menga vaqtida yordam berishgani omadim chopgani bo'lgan, xolos. Hali dunyodan nasibam uzilmagan ekan-da, — deya hikoyasini tamomladi u.